Asosiy matnga o‘tish
bitg
Yuklab olish

bitg xavfsizmi va soxta «alifbo klaviaturasi»ni qanday ajratish mumkin

Qisqasi: bitg faqat bitg.uz va GitHub’dan tarqatiladi, telefon ilovasi yo‘q, karta, SMS yoki kontaktlarga ruxsat so‘ramaydi. Kodi ochiq, har bir fayl GitHub’da yig‘iladi va uni o‘zingiz tekshira olasiz. Kimdir Telegram’da «yangi alifbo klaviaturasi» faylini yuborsa — o‘rnatmang.

Nega bu sahifa kerak

2026-yil 31-oktabrda Ta’lim va ilm-fan vazirligi (Edu.uz kanali) ogohlantirdi: ijtimoiy tarmoqlarda «yangi o‘zbek alifbosi klaviaturasi» nomli ilova shaxsiy xabar orqali tarqatilmoqda, uni telefonga o‘rnatganlarning plastik karta ma’lumotlari va shaxsiy axboroti o‘g‘irlanishi mumkin (vazirlik xabari). Yangi alifbo uchun haqiqiy vositalar ham bor — quyida bitg’ni qanday tekshirish va soxtasini qanday ajratish yozilgan.

bitg’ni qayerdan yuklab olish xavfsiz?

Faqat rasmiy manbalardan: bitg.uz sayti va github.com/dtwinuz/bitg (GitHub Releases). Linux’da — bitg.uz/apt ombori, Mac’da — Homebrew (dtwinuz/tap). Boshqa sayt, Telegram guruh yoki shaxsiy xabardagi «bitg» fayli bizniki emas.

RasmiyManzil
Saythttps://bitg.uz
Manba kodi va relizlarhttps://github.com/dtwinuz/bitg
Telegram kanalt.me/bitguz
Telegram bott.me/bitguzbot

bitg’ning telefon ilovasi bormi?

Yo‘q. bitg hozircha faqat kompyuter uchun (Windows, Linux, Mac). Telefon uchun «bitg» yoki «yangi alifbo klaviaturasi» degan APK fayl yuborilsa — bu biz emas. Telefonda yangi harflarni yozish uchun ilovani faqat App Store yoki Google Play’dan o‘rnating; biz Tilmoch klaviaturasini tavsiya qilamiz.

bitg qanday ruxsatlar so‘raydi?

Hech qanday maxsus ruxsat so‘ramaydi: karta raqami, SMS, kontaktlar, kamera yoki joylashuv kerak emas va so‘ralmaydi. Windows’da bitg — klaviatura tili (Win + Probel bilan tanlanadi); o‘girish kompyuterning o‘zida bo‘ladi. Yozgan matningiz hech qayerga yuborilmaydi — batafsil maxfiylik sahifasida.

Soxta ilova belgilari

  • Shaxsiy xabarda fayl keladi (ko‘pincha .apk), «rasmiy», «majburiy», «tezda o‘rnating» deb.
  • SMS, kontakt, «boshqa ilovalar ustida ko‘rsatish» yoki «maxsus imkoniyatlar» ruxsatini so‘raydi — klaviaturaga bular kerak emas.
  • Karta raqami, SMS kod yoki to‘lov so‘raydi. Alifbo vositasi pul yoki kod so‘ramaydi; bitg butunlay bepul.
  • Rasmiy do‘kondan emas, nashriyotchi nomi va sharhlari yo‘q.

Bunday faylni o‘rnatgan bo‘lsangiz: telefonni internetdan uzing, ilovani o‘chiring, bankka qo‘ng‘iroq qilib kartani bloklang va parollarni almashtiring.

Yuklagan faylim haqiqiy ekanini qanday tekshiraman?

Faylning SHA-256 qiymatini yuklab olish sahifasidagi qiymat bilan solishtiring. Windows PowerShell’da: Get-FileHash .\bitg-0.4.0-x64.msi -Algorithm SHA256. Bir belgi farq qilsa ham faylni ochmang.

Dasturchilar uchun: har bir reliz fayli GitHub Actions’da yig‘iladi va yig‘ilish manbasi attestatsiya bilan imzolanadi. Tekshirish: gh attestation verify bitg-0.4.0-x64.msi -R dtwinuz/bitg. Linux apt ombori kalitining izi: 9EA5 79E2 9EC7 A7B1 1FC1 B02F BB03 FCBA D1C7 CB35.

Windows nega «kompyuteringizni himoya qildi» deb ogohlantiradi?

bitg o‘rnatuvchisi hozircha raqamli kod imzosiz. Microsoft SmartScreen imzosiz va yangi fayllarni (har bir yangi versiyani ham) notanish deb ogohlantiradi — bu fayl xavfli degani emas. Faylni yuqoridagicha tekshiring, keyin «Batafsil» → «Baribir ishga tushirish» ni bosing.

Kodga kim qaraydi

  • Ochiq kod. Butun dastur GitHub’da, MIT yoki Apache-2.0 litsenziyasi bilan — har kim o‘qib, o‘zi yig‘a oladi.
  • OpenSSF Best Practices — Gold daraja. Linux Foundation qoshidagi Open Source Security Foundation mezonlari: kod ko‘rib chiqish, testlar, xavfsizlik siyosati (loyiha sahifasi).
  • Xavfsizlik muammosi topsangiz — GitHub Security orqali yopiq xabar bering.

Manbalar

Yangilangan:

Bog‘liq sahifalar