Yangi alifbo bo‘yicha savol-javob
Har savolga birinchi gapda qisqa javob, keyin tafsilot. Qonunga oid javoblar lex.uz dagi rasmiy matnga tayanadi.
Alifbo va qonun
Yangi alifbo qachon kuchga kiradi?
2027-yil 22-aprel. Qonun O‘RQ-1184 2026-yil 21-oktabr imzolangan va rasmiy e’lon qilinganidan olti oy o‘tib kuchga kiradi (4-modda).
Qaysi harflar o‘zgardi?
To‘rtta: O‘ → Ö, G‘ → Ğ, Sh → Ş, Ch → Ç. Qolgan harflar avvalgidek.
Yangi alifboda nechta harf bor?
28 ta harf va bitta tutuq belgisi (ʼ). To‘liq ro‘yxat yangi alifbo sahifasida.
Ng harfi nima bo‘ldi?
Ng mustaqil harf sifatida alifbodan chiqarildi. So‘zlarda avvalgidek n va g bilan yoziladi: tong, ming.
Tutuq belgisi qoladimi?
Ha, tutuq belgisi (ʼ) yangi alifboda saqlanib qoldi: maʼno, sanʼat.
Qonunning raqami va nomi qanday?
O‘RQ-1184 — «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun. Rasmiy matni lex.uz da.
Ö, Ğ, Ş, Ç turk alifbosidan olinganmi?
To‘rttala harf turk va ozarbayjon lotin yozuvida ham bor. Kompyuter uchun bu qulay: ular Unicode’da allaqachon mavjud, shriftlar va dasturlar ularni hozir ham ko‘rsatadi.
Hujjatlar va maktab
Pasport yoki diplomni almashtirish kerakmi?
Yo‘q. Qonun kuchga kirgunga qadar eski lotinda rasmiylashtirilgan hujjatlar o‘z kuchida qoladi (2-modda).
Pullar va qimmatli qog‘ozlar-chi?
Milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlardagi eski harflar ularning amal qilishiga ta’sir qilmaydi — ular muomalada qoladi.
Peshlavha va yozuvlar qachon almashadi?
Davlat organlarining eski harfli emblema, peshlavha va lavhalari eskirguncha yoki hukumat dasturida belgilangan muddatgacha ishlatilishi mumkin. Dasturni Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida tasdiqlaydi.
Maktabda yangi alifbo qachondan o‘qitiladi?
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, 2027-yildan birinchi sinf darsliklari yangi alifboda chop etiladi, qolgan darsliklar qayta nashr davrida 2031-yilgacha almashadi. Bu sanalar qonun matnida emas.
Eski alifboda yozish taqiqlanadimi?
Qonun matnida (4 modda) shaxsiy yozishmalar uchun taqiq yoki jazo yo‘q. U rasmiy alifboni o‘zgartiradi; davlat yozuvlarini almashtirish tartibi hukumat dasturida bo‘ladi.
Kompyuter va telefonda yozish
Ş, Ç, Ğ, Ö ni kompyuterda qanday yozaman?
Windows’da eng oson yo‘l — bitg: eskicha yozasiz, so‘z tugashi bilan yangi harfga o‘tadi. Klaviatura tartibi, Alt kodlari va Mac yo‘llari alohida sahifada.
Telefonda qanday yozaman?
Hozircha eng ishonchli yo‘l — turkcha (Türkçe) klaviaturani qo‘shish: unda ö, ğ, ş, ç alohida tugmada. Android’da Gboard sozlamalaridan, iPhone’da Sozlamalar → Klaviatura bo‘limidan qo‘shiladi.
Tayyor matnni yangi alifboga qanday o‘giraman?
Matnni onlayn konvertorga joylang — eski lotin va kirill matn bir zumda yangi alifboga o‘tadi. Matn brauzerdan chiqmaydi.
Word yoki Excel faylni butunlay o‘girsa bo‘ladimi?
Ha, bitg buyruq qatorida: bitg file hujjat.docx yangi nusxa yaratadi, formatlash joyida qoladi. .xlsx da formula va sonlarga tegilmaydi.
Kirill matnni yangi lotinga o‘girish mumkinmi?
Ha. Konvertor va bitg kirill matnni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi lotinga o‘giradi: чой → çoy. Bu eng aniq yo‘l, chunki kirillda ш, ч, ў, ғ alohida harf.
bitg dasturi
bitg nima?
bitg — yozayotganingizda o‘zbek matnini yangi alifboga (ö ğ ş ç) avtomatik o‘giradigan bepul, ochiq kodli Windows dasturi. Inglizcha so‘z, havola va kodga tegmaydi, Backspace bilan qaytariladi, internetsiz ishlaydi.
bitg pullikmi?
Yo‘q, bepul. Kodi ochiq (MIT yoki Apache-2.0), kompaniyalarda ham bepul ishlatiladi.
Inglizcha so‘zlarni buzmaydimi?
Yo‘q: bitg har so‘zni lug‘at va kontekst bilan tekshiradi. O‘lchovda inglizcha gaplarning 99,73 % i o‘zgarmay qoldi. Xato bo‘lsa, Backspace bosing — asl so‘z qaytadi.
Internet kerakmi?
Yo‘q. O‘girish kompyuterning o‘zida bo‘ladi, matn hech qayerga yuborilmaydi va saqlanmaydi.
Mac, Linux, telefon uchun bormi?
Hozir Windows 10/11 uchun bor. Linux (IBus, Fcitx5), iPhone, Android va Mac versiyalari rejada. Har qanday qurilmada onlayn konvertor ishlaydi.
O‘rnatishda «Windows kompyuteringizni himoya qildi» chiqsa-chi?
Beta o‘rnatuvchi hozircha imzosiz. «Batafsil» → «Baribir ishga tushirish» ni bosing; faylni yuklab olish sahifasidagi SHA-256 bilan tekshirishingiz mumkin.
Yangilangan: